08/12/2023
Musulmonlar orasida bu muborak masjid “taqvo ustiga qurilgan masjid” degan nom bilan xam mashhurdir.
Bu masjid Islom tarixida qurilgan birinchi masjid hisoblanadi va aynan shu masjidda Rosululloh (s.a.v.) sahobalari bilan ilk jamoat namozini oʻqiganlar. Bu masjidning “Qubo” deb nomlanishining sababi u aynan Madinai munavvaradan 6-7 kilometr uzoqlikdagi Qubo qishlogʻida joylashgani sababidandir. Rosululloh (s.a.v.)ga qachonki hijrat farz boʻlganida u zot Madinaga yoʻl oladilar va shu yoʻl mobaynida Qubo qishlogʻida ham qoladilar, siyrat va tarix kitoblarimizda u zot alayhissalom bu qishloqda 4 kun qolganliklari habari berilgan, shu kunlar ichida Rosululloh (s.a.v.) “Qubo” masjidiga birinchi poydevorni oʻzlari qoʻyib berganlar va sahobalar bu muborak masjidning qurilishini bitirganlar. Bu masjid qurilishiga 3 millionga yaqin turli hajmdagi toshlardan foydalanilgan va bunga 800taga yaqin inson jalb qilingan.
Usmon ibn Affon (r.a) va Umar ibn Abdulaziz qoʻshimcha bezaklar va naqshlar berib ziynatlaganlar. Keyinchalik hokimiyatni qoʻlga olgan har qaysi sulolalar bu masjidga alohida ahamiyat qaratganlar va bu bejiz emas, chunki, Qubo masjidning fazilatlari haqida Rosululloh (s.a.v.)dan bir qancha hadislar kelgan, quyidagilardan birini sizga havola qilamiz;
Usayd ibn Zuhayr Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Paygʻambarimiz (s.a.v.):
“Qubo” masjidida oʻqilgan namoz umradekdir”, – deb marhamat qildilar”. (Termiziy rivoyati)
Ushbu hadisdan maʼlum boʻlyabdiki kim agar Qubo masjidida namoz oʻqisa xuddi umra qilgandek savobga ega chiqishi mumkin ekan.
Manba: mirarab.uz
Rasmlar: hajjumrahplanner.com